Yoshlar, startaplar va IT: SQB va Yangi O'zbekiston Universiteti hamkorlikni boshlaydi

"Yangi O'zbekiston" universitetida startaplarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan akseleratsiya dasturi doirasida mazkur oliygoh va SQB o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum ta'lim va amaliyot uyg'unligini ta'minlash, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega malakali kadrlar tayyorlash hamda o'zaro uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, kiberxavfsizlik, ilmiy tadqiqotlar va startap loyihalarini rivojlantirish ustuvor yo'nalishlar etib belgilandi.
Mazkur kelishuv talabalar uchun amaliyot o'tash, qo'shma kurs va treninglarda ishtirok etish, real loyihalarda ishlash hamda startap tashabbuslarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bank uchun esa malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish, yosh IT mutaxassislarni jalb qilish va raqamli rivojlanishni jadallashtirishda muhim omil bo'ladi.