Sun'iy intellekt — O'zbekiston iqtisodiyotining drayveri

Toshkent shahrida O'zsanoatqurilishbank (SQB) tomonidan "Sun'iy intellekt va raqamli transformatsiya: O'zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining yangi bosqichi" mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga keng joriy etish bo'yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Bugungi kunda mazkur yo'nalishda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va innovatsion rivojlanishni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir sun'iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyotning real sektoriga keng joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda davlat, biznes va ilm-fan o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi. Unda mamlakatning asosiy drayverlari bo'lgan ilm-fan, davlat va IT-industriya vakillari bir minbarda jamlandi.
Ishtirokchilar orasida: O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Sh. Ayupov; Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o'rinbosari O. Pekos; Raqamli ta'lim va sun'iy intellektni rivojlantirish markazi direktori A. Abdullayev; "IT Park Uzbekistan" bosh direktori o'rinbosari M. Muksinova.
Amaliy yechim sifatida SQB tomonidan ishga tushirilgan "AI Maslahatchisi" platformasi taqdim etildi. U fuqarolarning biznes g'oyalarini tahlil qilish, ularning rentabelligini baholash va moliyalashtirish imkoniyatlarini shakllantirish orqali tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan.